Ijtimoiy tarmoqlardagi postlar, izohlar, e’lonlar va boshqa shaxslar yuborgan xabarlarni qayta ulashish Rossiyadagi chet el fuqarolari uchun huquqiy oqibatlarga sabab bo‘lishi mumkin.
Biroq bir narsani tushunish muhim: telefonning o‘zi yoki uning xotirasida ma'lum bir faylning mavjudligi shaxsni Rossiyadan chiqarib yuborish uchun asos bo‘la olmaydi. Bunda shaxs qanday harakatni sodir etgani va Rossiya qonunchiligida ushbu harakat uchun javobgarlik belgilangan yoki belgilanmagani muhim ahamiyatga ega.
Internetdagi qanday harakatlar muammolarga olib kelishi mumkin?
Gap, avvalo, shaxsiy fotosuratlar yoki oddiy yozishmalar haqida emas, balki ma’muriy yoki jinoiy huquqbuzarlik deb baholanishi mumkin bo‘lgan harakatlar haqida bormoqda.
Masalan, qonunda nazarda tutilgan istisnolar mavjud bo‘lmagan hollarda ekstremistik tashkilotlarning ramzlarini omma oldida namoyish etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Ekstremistik materiallarni ommaviy ravishda tarqatish, shuningdek, ularni ommaviy tarqatish maqsadida saqlash uchun ham alohida javobgarlik nazarda tutilgan.
Qonunda belgilangan muayyan belgilar asosida shaxs yoki bir guruh odamlarga nisbatan nafrat yoki adovat qo‘zg‘atishga, shuningdek, ularning qadr-qimmatini kamsitishga qaratilgan ommaviy harakatlar uchun ham javobgarlik belgilangan. Bunday ommaviy harakatlarga internetda materiallar joylashtirish ham kirishi mumkin.
Shu sababli faqat shaxsning o‘zi joylashtirgan post emas, balki vaziyatga qarab yozilgan izohlar, e’lon qilingan materiallar va boshqa shaxslarning kontentini tarqatish ham huquqiy jihatdan baholanishi mumkin.
Taqiqlangan material shunchaki telefonda ochilgan bo‘lsa-chi?
Bu yerda muhim bir farq bor.
2025-yil 1-sentabrdan boshlab Rossiyada ekstremistik deb topilgan materiallarni bila turib, qasddan izlash va ulardan foydalanish imkoniyatini qo‘lga kiritish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Jarima miqdori 3 000 rubldan 5 000 rublgacha. Bunda gap aynan ekstremistik materiallarni qasddan izlash haqida bormoqda.
Shuning uchun internetda biror materialga tasodifan duch kelish bilan taqiqlangan materialni ataylab izlash bir xil holat hisoblanmaydi.
Shuningdek, telefonda saqlangan rasmni avtomatik ravishda uni ommaviy tarqatish bilan tenglashtirib bo‘lmaydi. Turli huquqbuzarliklar uchun qonunchilikda javobgarlikning turli shartlari belgilangan.

Qaysi holatlarda Rossiyadan chiqarib yuborilish xavfi yuzaga keladi?
Rossiya Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining (КоАП) ayrim moddalari bo‘yicha chet el fuqarolariga nisbatan Rossiya fuqarolariga qaraganda qat’iyroq choralar qo‘llanilishi mumkin.
Masalan, Rossiya qonunchiligida ayrim turdagi taqiqlangan axborotlarni tarqatish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun chet el fuqarolarini ma’muriy tartibda mamlakatdan chiqarib yuborish jazosi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, 2026-yil 3-noyabrdan boshlab chet el fuqarolarini ma’muriy tartibda Rossiyadan chiqarib yuborishga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklar ro‘yxatini kengaytiruvchi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartirishlar kuchga kiradi. Ushbu o‘zgartirishlar, jumladan, ommaviy harakatlar va axborot tarqatish bilan bog‘liq ayrim huquqbuzarliklarga ham taalluqli.
Chet el fuqarolari nimalarni yodda tutishlari kerak?
Internetdagi harakatlar huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi, deb hisoblash noto‘g‘ri. Ijtimoiy tarmoqlarda post joylashtirish, izoh yozish yoki boshqa shaxsning materialini tarqatish ham qonunchilik asosida huquqiy baholanishi mumkin.
Biroq bundan har qanday shubhali fotosurat, obuna, yozishma yoki telefonda saqlangan fayl avtomatik ravishda huquqbuzarlik sodir etilganini yoki shaxs Rossiyadan chiqarib yuborilishini anglatadi, degan xulosa kelib chiqmaydi.
Shaxsni javobgarlikka tortish uchun muayyan huquqbuzarlik sodir etilgani va qonunda nazarda tutilgan tegishli holatlar aniqlanishi lozim.
Shu sababli Rossiyada yashayotgan chet el fuqarolari ijtimoiy tarmoqlar va messenjerlarda ommaga qanday materiallarni joylashtirayotgani hamda tarqatayotganiga e’tiborli bo‘lishlari kerak.






