RuID ilovasi atrofida hali ham ko‘plab savollar mavjud. Safardan oldin uni o‘rnatish kerakmi? QR-kod olish majburiymi? Kod paydo bo‘lmasa, nima qilish kerak?
Keling, tizim 2026-yilda qanday ishlashini ko‘rib chiqamiz.
RuID nima uchun kerak?
RuID Rossiyaga vizasiz tartibda kirayotgan chet el fuqarolari uchun yaratilgan. Ilova orqali Rossiyaga kirish uchun oldindan ariza topshirish va dastlabki tekshiruvdan o‘tish mumkin.
RuID’da zarur jarayonlardan o‘tilgandan so‘ng, chet el fuqarosining ma’lumotlari va safar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan QR-kod shakllanishi mumkin.
Safardan oldin nima qilish kerak?
Agar siz Rossiyaga vizasiz tartibda kirishni rejalashtirayotgan bo‘lsangiz, RuID ilovasini oldindan o‘rnatish va unda zarur amallarni bajarish tavsiya etiladi.
Agar QR-kod shakllangan bo‘lsa — uni saqlab qo‘ying va zarurat tug‘ilganda taqdim etishga tayyor bo‘ling.
Agar barcha amallarni bajargan bo‘lsangiz-u, lekin kod paydo bo‘lmagan bo‘lsa, ariza holatini va ilovadagi ma’lumotlarni tekshiring.
Asosiysi — RuID’da ro‘yxatdan o‘tishni safar kunigacha qoldirmang. Ilovani oldindan ko‘rib chiqib, chegarani kesib o‘tishdan avval arizangiz holatini bilib olish va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan masalalarni hal qilish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lgan ma’qul.

Agar avval RuID’siz kirgan bo‘lsangiz-chi?
Qoidalar va ularni qo‘llash amaliyoti o‘zgarib turadi. Avvalgi safaringizda sizdan ilova yoki QR-kod so‘ralmagan bo‘lsa, keyingi kirishda ham xuddi shunday bo‘ladi degani emas.
Har bir safardan oldin amaldagi talablarni rasmiy davlat resurslarida tekshirib turing.
Shuni ham unutmang: RuID chet el fuqarosining Rossiyada qonuniy bo‘lishi va ishlashi uchun zarur bo‘lgan boshqa hujjatlar hamda tartib-taomillarning o‘rnini bosmaydi.






